A.Haitov: Hududlarning rivojlanish reytingi ishlab chiqiladi

18:46 05 May 2020 Jamiyat
1226 0

Mamlakatimizda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish, xalq bilan muloqot tizimini yoʻlga qoʻyish, aholi turmush darajasi va bandligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va maʼlumotlarning ochiqligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Prezidentimizning shu yil 1-maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori bu borada katta qadam boʻldi. Zero, mazkur hujjat hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini, tabiiy xom ashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini, shuningdek, hududlarning boshqa qiyosiy ustunliklarini baholashning yagona tizimini joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga muvofiq, statistik koʻrsatkichlar va soʻrovnomalar natijalari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy etiladi. Bunda iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, ishsizlikni kamaytirish, aholi turmush sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni doimiy qoʻllab-quvvatlash va jadal rivojlantirish kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shu bilan birga reyting baholashni amalga oshirish maqsadida 2020-yil 1-iyunga qadar maxsus axborot tizim ishlab chiqiladi va dastlab 2019-yil uchun ushbu tizim orqali sinov rejimida baholash amalga oshiriladi. Natijalar asosida reyting koʻrsatkichlarini aniqlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida amalga oshiriladi.

Oʻtgan yil uchun reyting baholash natijalari har yili 1-fevral (tezkor baholash) va 15-iyunga (yakuniy natijalar) qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritiladi. Reyting baholash natijalari har yili Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlari yigʻilishlarida tanqidiy muhokamaga qilinishi shart.

Qarorda yana bir yangilik bor. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi reyting baholash natijalarini umumlashtiradi, shuningdek, reyting baholashni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tegishli organlar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.

Qarorga koʻra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, vazirlik huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Davlat statistika qoʻmitasi hamda Savdo-sanoat palatalari tomonidan ikki oy muddatda ilgʻor xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda hududlarni reyting baholash uchun aholi va tadbirkorlar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish metodologiyasi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlangan metodologiya asosida har yili tuman hamda shaharlarda aholi va tadbirkorlar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkaziladi.

Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi – axborot tizimining buyurtmachisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun, hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar – axborot tizimini yaratish hamda uni kelgusida qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, soʻrovnomalarni tashkil etish va oʻtkazishning moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundan iboratki, davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari hisobot yilidan keyingi 15-yanvar (tezkor) va 1-iyundan (yakuniy) kechiktirmay hisobot yili yakuni boʻyicha tegishli maʼlumotlarni axborot tizimiga haqqoniy va oʻz vaqtida kiritishni taʼminlaydi.

Reyting jarayoniga jalb etilgan davlat organlari, tashkilot va muassasalar rahbarlari soʻrovnomalarni shaffof va xolisona oʻtkazish hamda tegishli maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun shaxsan javobgar boʻladi.

Umuman olganda, mazkur hujjat bilan davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan axborot tizimiga ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, ularni oʻz vaqtida kiritmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari,OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер