“Afrosiyob” poyezdi temir yoʻldan oʻtayotgan qoʻylarni urib yubordi

10:39 27 Yanvar 2023 Jamiyat
1116 0

Illyustrativ foto

2023-yil 24-yanvar kuni “Toshkent – Buxoro” yoʻnalishida harakatlanayotgan 770-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi “Malikobod” va “Qiziltepa” (Navoiy viloyati) bekatlari oraligʻida harakatlanayotganda qoʻylar podasidan bir necha bosh hayvonni urib yuborgan. 1000 ga yaqin qoʻy podasi temir yoʻlni notoʻgʻri joyda kesib oʻtib, himoya panjarasini buzib oʻtgan. 

Qayd etish joizki, voqea joyidan 300 metr uzoqlikda chorva mollarini haydash uchun maxsus ajratilgan joy mavjud edi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbariyati tomonidan mazkur hudud boʻylab qoʻshimcha panjara (ikki qavatli toʻsiq) oʻrnatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinib, bugungi kunda eski panjaralarni tiklash va qoʻshimcha panjaralarni oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan tekshiruv oʻtkazilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Hayvon egasi qoidalarni buzganligi sababli hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga yetkazilgan zarar uchun maʼmuriy jazoga tortiladi.

Taʼkidlash joizki, bunday holatlarning oldini olish maqsadida temir yoʻlga yaqin joylashgan taʼlim muassasalari, mahallalar va boshqa tashkilotlarda temir yoʻllarni toʻgʻri kesib oʻtish qoidalariga rioya qilish mavzusidagi suhbatlar muntazam ravishda olib borilmoqda.

Shu oʻrinda uy chorvalarni, jumladan yirik va kichik shohli hayvonlarni podada yoki yakka tartibda ularning egasi yoki choʻpon tomonidan temir yoʻllardan haydab oʻtish tartib-qoidasi hamda ularni buzganlik uchun javobgarligi mavjudligini eslatib oʻtish joiz.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining yoʻl harakati qoidalarining tegishli moddalarida quyidagilar belgilangan:

- Hayvonlarni yoʻlda, asosan sutkaning yorugʻ vaqtida haydab borilishi kerak. Podachilar hayvonlarni mumkin qadar yoʻlning yoʻl yoqasida olib yurishlari kerak.

- Hayvonlarni temir yoʻl kesishmalari orqali haydab oʻtishda podachilar sonini hisobga olgan holda hayvonlar podasi xavf-xatarsiz haydab oʻtilishi taʼminlanadigan toʻdalarga boʻlinishi kerak.

Aravani boshqarayotgan, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarni, podani haydab ketayotgan shaxslarga quyidagilar taʼqiqlanadi:

- yoʻllarda hayvonlarni nazoratsiz qoldirish;

- podani temir yoʻldan va yoʻlda maxsus ajratilmagan joylardan, shuningdek ruxsat etilgan joylarda esa sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda haydab oʻtish;

- boshqa yoʻllar boʻlganda hayvonlarni mukammal qoplamali yoʻllarda haydab borish;

- koʻkalamzorlashtirilgan joylarda (yoʻl, yoʻl yoqasi, ajratuvchi mintaqa va boshqalar) hayvonlarni boqish va bogʻlab qoʻyish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер