Afgʻoniston va Oʻzbekiston 520 million dollarlik yangi savdo shartnomalarini imzoladi
Afgʻonistonning yetakchi “TOLOnews” axborot agentligi elektron nashrida ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning yangi bosqichiga bagʻishlangan tahliliy maqola chop etildi.
Nashrning maʼlum qilishicha, Afgʻoniston Savdo va investitsiyalar palatasi tomonidan tashkil etilgan biznes konferensiya doirasida umumiy qiymati 520 million dollarlik navbatdagi savdo shartnomalari imzolandi. Palata rahbari Said Karim Hoshimiy soʻnggi olti oy ichida ikki mamlakat iqtisodiy institutlari oʻrtasidagi hamkorlik misli koʻrilmagan darajada kengayganini alohida qayd etdi.
Maqolada taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston savdo delegatsiyalarining Afgʻonistonga tez-tez tashrif buyurishi tadbirkorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni faollashtirdi. Ushbu jarayonlar natijasida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, togʻ-konchilik, transport, logistika, qurilish va energetika sohalarida umumiy qiymati 1,4 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlarga erishilgan. Xususan, “TOLOnews” maʼlumotlariga koʻra, faqat soʻnggi ikki oy ichida xususiy sektor vakillari oʻrtasida 1,415 milliard dollarlik 100 dan ortiq bitimlar imzolangan.
Anjuman davomida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat tadbirkorlari Afgʻonistonda sement, elektr kabellari, farmatsevtika va poyabzal ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish hamda investitsiya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Oʻz navbatida, Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuruddin Aziziy oʻzbek mahsulotlari uchun afgʻon bozori eng qulay maydon ekanini taʼkidladi.
Nashrning xulosa qilishicha, Afgʻoniston Oʻzbekiston bilan hamkorlik orqali muqobil savdo va tranzit yoʻlaklarini yaratishga, shu yoʻl bilan tashqi savdodagi qaramlikni kamaytirishga harakat qilmoqda. Bu kabi izchil iqtisodiy muloqotlar mintaqaviy barqarorlik va oʻzaro manfaatli qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring