Afgʻoniston delegatsiyasi fargʻonalik tadbirkorlar bilan bir qator hamkorlik kelishuvlarini imzoladi

15:51 06 Aprel 2026 Jamiyat
232 0

Afgʻoniston savdo va investitsiya palatasi raisi oʻrinbosari Alxaj Zilgay Arian Azimiy boshchiligidagi delegatsiya shu kunlarda Fargʻona viloyatida boʻlib, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida bir qator istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Tashrif doirasida mehmonlar Qoʻqon shahridagi tarixiy-madaniy obidalar bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, Xudoyorxon oʻrdasi ularda katta taassurot qoldirdi.

Oʻz navbatida qardosh yurt vakillari viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalarida fargʻonalik tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazishdi. Uchkoʻprik tumanida joylashgan “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo majmuasida tayyorlanadigan keng assortimentdagi mahsulotlar bugun jahon bozorida xaridorgir. Yaqin yillarda ushbu mahalla hududida zamonaviy ishlab chiqarish va tadbirkorlik subyektlari faoliyati jadal rivojlanib bormoqda. Afgʻoniston delegatsiyasi majmuadagi korxonalarning eksport salohiyatini oʻrgangach, mahalliy tadbirkorlar bilan 67 million dollarlik hamkorlik kelishuvlari imzolandi.

Shuningdek, Afgʻoniston delegatsiyasi “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan yirik sanoat korxonalarida boʻldi. Mehmonlar istiqbolli loyihalar asosida ishlab chiqarilayotgan qurilish, sanoat, oziq-ovqat, toʻqimachilik mahsulotlarining tabiiy va ekologki tozaligi, yuqori sifati va arzonligini eʼtirof etishdi.

— Ayni paytda hududda 120 dan ortiq korxonalar samarali faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi “Qoʻqon” EIZ direksiyasi rahbari Farrux Rahmonov. — Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, ushbu korxonalar tomonidan 10 dan ziyod davlatlarga 138 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bugungi kunda hududda 12 mingga yaqin yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratilishi taʼminlangan.

Shu oʻrinda alohida eʼtirof etish oʻrinliki, Termiz shahrida tashkil etilgan “Afgʻoniston – Oʻzbekiston savdo uyi”da bugungi kunda “Qoʻqon” EIZda faoliyat olib boruvchi 20 dan koʻproq tadbirkorlar oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan.

Aytish joiz, shu kuni tadbir ishtirokchilari uchun “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasida bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati ham yaratildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер