“Adolat” SDP fraksiyasi Davlat dasturining yarim yillikdagi ijrosini qanday baholadi?

19:35 21 Iyul 2020 Siyosat
777 0

Joriy yilning 21-iyul kuni Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining videokonferensiya tarzida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida Vazirlar Mahkamasining Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yil birinchi yarim yillikda bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisoboti atroflicha muhokama qilindi.

Fraksiya aʼzolari tomonidan taʼkidlanganidek, butun dunyo iqtisodiyotini beqaror holatga keltirayotgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizni har jihatdan rivojlantirishga qaratilgan rejalarga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Ammo, davlatimiz rahbari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha qator farmon va qarorlarning qabul qilinganligi iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda barqaror vaziyatni saqlab turish imkoniyatlarini koʻpaytirdi.

Deputatlar tomonidan hisobotni koʻrib chiqishda, davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz muddatida va puxta bajarilishini taʼminlash boʻyicha Hukumat tomonidan muntazam muhokamalar oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilgani, bu oʻz navbatida davlat boshqaruvi organlari hamda xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining masʼuliyatini yana-da oshirishga xizmat qilgani taʼkidlandi.

Fraksiya aʼzolari Davlat dasturi bandlari ijrosini birma-bir muhokama qilar ekanlar ayrim ijrosi taʼminlanmagan bandlarga eʼtibor qaratib, ularda belgilangan vazifalarni bajarishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, ijro etish holatining kechikkanligi yoki yetarlicha asosga ega boʻlmay vazifalar muddati uzaytirilgani jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatishini taʼkidlab oʻtdilar.

Dasturda keltirilgan 2020-yil uchun aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga doir dasturning kechikayotgani fraksiya aʼzolarining eʼtiroziga sabab boʻldi. Ushbu masala deputatlar tomonidan 1-chorak ijrosi muhokamasi chogʻida ham koʻtarilib, uning bajarilishi yuzasidan aniq takliflar kiritilgan edi. Mazkur hujjat ayniqsa, hozirgi sharoitda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda muhim sanalgan ishsiz shaxslarni ishga joylashtirish, ehtiyojidan kelib chiqib kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarini hal etishda, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning huquqlari taʼminlashda muhim sanaladi.

Yana bir muhim masala, telekommunikatsiya sohasi, davlat xizmatlarini koʻrsatish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, sogʻliqni saqlash, davlat kadastri va boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ularni qoʻllab-quvvatlash dolzarb boʻlib turgan ayni damda Davlat dasturida belgilangan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish vazifasi oʻz ijrosini kutmoqda. Deputatlar ushbu masala boʻyicha mutasaddilarni savolga tutdi.

Muhokamalar chogʻida fraksiya aʼzolari tomonidan Davlat dasturida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, dasturda belgilangan hujjat loyihalarini ishlab chiqishni jadallashtirish lozimligi aytib oʻtildi. Bunda har bir masʼul ushbu dastur avvalo odamlarni rozi qilish va mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga qaratilganligi nuqtayi nazaridan yondashishlari zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilish yakunida Davlat dasturining 2020-yil birinchi yarim yillikdagi bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobot fraksiya tomonidan maʼqullandi va tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер