Adliya vazirligida toʻqqiz oylik faoliyat tahlil qilindi
20-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda 2023-yilning 9 oyi davomida adliya organlari va muassasalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi PF–158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi va Adliya vazirligining unda belgilangan vazifalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosi muhokama qilindi.
Hayʼat majlisi videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilib, unda adliya organlari va muassasalarining rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda adliya organlari va muassasalari tomonidan murojaatlar bilan ishlash, norma ijodkorligi, yuridik xizmat koʻrsatish va boshqa sohalar kesimida tahliliy maʼlumotlar keltirildi.
Xususan, Adliya vazirligi tashabbusi bilan 130 ta, shu jumladan 33 ta qonun, 34 ta Prezident hujjatlari, 46 ta Hukumat hujjatlari, 12 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan.
Kelib tushgan jami 93,4 mingta murojaatlarning 76,3 mingtasi yaʼni 82 foizi qonuniy hal etilgan.
Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlariga koʻrilgan taʼsir choralar natijasida ularning 8 227 nafar mansabdor shaxslar maʼmuriy, 5 438 nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarida sudlarga kiritilgan 425 mlrd. soʻmlik daʼvolar (arizalar) qanoatlantirilgan.
Aholining huquqiy ongini oshirish boʻyicha 300 ming yaqin targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish markazlari tomonidan esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 14%ga koʻp, yaʼni 9,6 mln. dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan.
Shu bilan birga, sohadagi ayrim muammolar mavjudligi, jumladan, murojaatlar bilan ishlashda ayrim rahbarlarning qatʼiyatsizligi va huquqni qoʻllash sohasidagi muammolarni hal etishda tizimli yondashuvdagi ayrim kamchiliklar mavjudligi taʼkidlanib, ularning bartaraf qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Yigʻilish yakunida, vazir tomonidan bir qator vazifalar belgilab berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring