Abdulazizxon madrasasi boshqa tarixiy obidalardan nimasi bilan farq qiladi?

18:28 04 Oktyabr 2018 Madaniyat
5262 0

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Maʼlumotlarga koʻra, Buxoro viloyatida jami 660 ta moddiy madaniy meros obyekti mavjud. Ularning 364 tasi arxitektura yodgorligi sanaladi. Abdulazizxon madrasasi ana shularning biri.

U 1652 yilda bunyod etilgan. Bu tarixiy obida oʻzidan avval qurilganlaridan uslubiy jihatdan ajralib turadi. Tashqi koʻrinishi oddiy. Hovlisi keng. Ikki qavatli. Ikki ayvon, qishki va yozgi masjidlardan iborat. Hujralari yozda salqin, qishda esa sovuq oʻtmaydigan qilib qurilgan. Naqshlarga nazar solsangiz, ularda turli mavjudotlarning quyoshga intilgan holatda tasvirlanganini koʻrasiz. Xilma-xil geometrik shakllar esa tasviriy sanʼatning goʻzal unsurlari bilan uygʻunlashib ketgan.

“Oʻsha davr ustalari naqshinkor devorlarda uchayotgan semurgʻ, guldon ostidan chiqayotgan ajdarlarni mahorat bilan tasvirlashgan. Turli koshinlar orasidagi gullar surati ham ota- bobolarimizning oʻta nozik did egalari boʻlishganidan darak beradi. Ammo Abdulazizxon madrasasida hech bir tarixiy obidada uchramaydigan bir noyob lavha ham borki, uni koʻrib, xorijiy sayyohlar xali-hanuz ajdodlarimiz aql-zakovatiga tan berishmoqda”, — deydi muhandis-meʼmor Ismat Muhsinov.

Keksa meʼmorning gʻurur bilan aytganicha bor. Gap shundaki, madrasa tarkibidagi qishki masjidda oʻsha davr ustalari odam suratini boʻyoqlar vositasida yashirin tarzda tushirganlar. Ular mehrobdagi sharafani odam boshidagi sallaga monand qilib yasaganlar. Shu boisdan ham kunning maʼlum bir paytida, aniqrogʻi, quyosh nuri tushgan pallada sal naridan turib mehrobga qarasangiz, u yerda sallali nuroniy bir kishini koʻrasiz. Boshqa pallalarda esa bu tasvir “gʻoyib” boʻlib qoladi. Bu tasvirni koʻrgan sayyohlar esa “Buxoroning oʻzi moʻʼjiza. Moʻʼjizaning ichida moʻʼjizani koʻrishdan xursandmiz”, deyishmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер