Abdulaziz Kamilov Latviya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi
Foto: TIV matbuot xizmati
2022-yilning 8-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Oʻzbekiston-Latviya kun tartibidagi keng koʻlamli masalalarni muhokama qildilar. Jumladan, siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Tomonlar parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish va ilmiy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Oʻzaro hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish zarurati, xususan, bir qator hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqish, ayniqsa, Latviya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlari va Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish boʻyicha bir qator hujjatlar, jumladan, tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish hamda bandlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim loyihalarini koʻrib chiqishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.
Vazirlar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uning tuzilmasini diversifikatsiyalash boʻyicha kelishilgan chora-tadbirlarni koʻrish zarurligini taʼkidladilar. Iqtisodiy diplomatiyani, jumladan, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va oʻzaro savdo missiyalarini tashkil etish orqali yanada ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar toʻgʻrisida protokol imzolandi.
Muzokaralar yakunida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring