83 yoshli Qunduzxon buvi gul saylida
Inson zoti borki, olam bezagi boʻlgan gullar tarovatidan ruhiy quvvat, oʻzgacha bahra oladi. Margʻilonlik Qunduzxon buvi Sodiqova ham ularga havasmand. Hovlisida moʻjazgina chamanzori bor. Sakson uchinchi bahorni qarshilagan boʻlsada hamon koʻngli yosh-goʻzal manzaralarga intiladi.
— Odam hayotga, uning zavqli lahzalariga toʻymaysan kishi, — deydi tabarruk inson. —Namangandagi gul saylini oʻz koʻzim bilan koʻrish anchadan buyon orzu boʻlib qolayotgan edi. Umridan baraka topsin, Dilmurod nevaramning mehribonligi bilan u ham ushaldi.
Gulu chechaklardan yashnagan Bobur bogʻi, undagi betakror goʻzallikni maroq bilan tomosha qilgan Qunduzxon buvi ancha yosharib ketganday. Bir gapirib, oʻn kuladi. Nabirasi uni aravachada sayr qildirayotgan pallada suratga tushirdik.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring