75 yoshli otaxon mahalla infratuzilmasi yaxshilanishi tashabbuskori va homiysi

11:35 25 Aprel 2025 Jamiyat
319 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bagʻdod tumanining “Xitoy” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi taʼlim sohasi faxriysi, 75 yoshli Noʻmonjon Yangiboyev mahalla infratuzilmasini yaxshilashdagi ezgu tashabbuslari bilan tanilgan.

Gap shundaki, tabarruk yoshli otaxon mahalladoshlarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash hamda ichki yoʻllarda zamonaviy sharoitlar yaratish tashabbuskori va homiysi hisoblanadi.

Yaqinda mehnat faxriysining haj safariga jamgʻarib yurgan mablagʻi hisobidan mahalla hududida toza ichimlik suvi qudugʻi qazildi. Natijada 100 dan ziyod xonadon toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Hududdagi 2-ixtisoslashtirilgan maktab jamoasi ham bu qulaylikdan behad mamnun boʻlishdi.

Noʻmonjon Yangiboyevning saʼy-harakatlari tufayli mahalla hududidagi 300 metr ichki yoʻl taʼmirlandi va asfalt yotqizildi. Shu bilan birga, bevosita otaxon bosh-qoshchiligida ikki nafar kam taʼminlangan oilaning uy-joyi taʼmirlab berildi.

— Koʻp yillar mobaynida taʼlim sohasida ishlab, turmush oʻrtogʻim bilan 4 nafar farzandni el-u yurt xizmatiga kamarbasta qilib tarbiyaladik, — deydi faxriy oʻqituvchi. — Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda hayot tarzimiz, oilalar farovonligi butkul yaxshilandi. Xususan, mahallamiz koʻchalari toʻliq asfaltlashtirildi, elektr taʼminotidagi uzilishlarga barham berildi.

Ana shu jarayonda bugungi baxtli hayot, yurt kelajagiga taalluqli yumushlarda faol hissa qoʻshishni maqsad qildim. Shu bois mahalla faoli sifatida oʻzaro maslahatlashgan holda qoʻldan kelganicha amaliy ishlarga kirishganmiz.

Aytish joiz, bugungi kunda ushbu mahallada 2800 nafardan ortiq aholi yashaydi. Har bir oila farovonligini oshirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilning oʻzida oʻnlab mikroloyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bu mahallada tadbirkorlikni jadal rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda hudud yanada obod boʻlishiga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер