45 ta xizmatdan istalgan vaqtda bepul foydalanish mumkin
Soliq yoʻnalishidagi my.soliq.uz portali har qanday toifadagi soliq toʻlovchilarga ana shunday keng imkoniyatni taqdim etib kelmoqda. Jumladan, undagi 20 ta interaktiv, 25 ta axborot xizmatlaridan foydalanish uchun vaqt va manzil borasida hech qanday cheklov yoʻq. Shu sababli mazkur portal soliq majburiyatlarini bajarishning ishonchli va qulay usuli sifatida haqli eʼtirof etib kelinmoqda.
Portalda jismoniy va yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning har biri uchun alohida “shaxsiy kabinet” ochilgan. Ularga taalluqli xizmatlar ham maxsus boʻlimlarga joylashtirilgan.
Portal orqali soliqlarni mustaqil ravishda hisoblab chiqarishdan tortib, hisobot va soliq deklaratsiyalari, murojaatlarni yuborish imkoniyatigacha bor. Har qanday turdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni onlayn rejimida toʻlash xizmati esa portalning asosiy qulayligi va afzalligidir.
Yuridik shaxslar soliq toʻlovlarini amalga oshirayotganda toʻlov topshiriqnomaning raqami va summasidan boshqa barcha maʼlumotlar Davlat soliq qoʻmitasining bazasida avtomatik tarzda shakllanadi. Shundan soʻng soliq toʻlovchi soliq turini tanlashi va toʻlov summasini koʻrsatishi kerak. “Toʻlash” tugmasi jarayonga yakun yasaydi.
Korxonaning elektron toʻlov topshiriqnomasi Davlat soliq qoʻmitasi bazasiga kelib tushadi va oʻsha paytning oʻzida Markaziy bankka yetkaziladi. Toʻlov topshiriqnoma Markaziy bank orqali tijorat banklariga yuboriladi va toʻlov amalga oshirilib, soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasiga qayd etiladi. Bularning barchasi toʻgʻridan-toʻgʻri, avtomatik tarzda amalga oshadi. Agar hisob-raqamda pul miqdori yetarli boʻlmasa, toʻlov topshiriqnomasi
2-sonli kartotekaga joylashtirilib, bu haqda Davlat soliq qoʻmitasiga elektron xabarnoma yuboriladi. Bu bilan soliq inspektori tomonidan soliq toʻlovchining hisob raqamiga inkasso topshiriqnomalari qoʻyilishining oldini oladi.
Jismoniy shaxslar ham portal yordamida daromad soligʻi, yer va mol-mulk soliqlari summalarini aniqlashi va toʻlashi mumkin. “JSHning soliqlari boʻyicha maslahatchi“ boʻlimi ularni soliq sohasida qabul qilingan meʼyoriy hujjatlarga oid maʼlumotlar, yangiliklar bilan tanishtirib boradi.
Soliq toʻlovchilar soliq qarzi mavjud emasligi haqidagi maʼlumotnomaga ega boʻlish uchun davlat soliq xizmati organlariga borishi shart emas, bu hujjatni aynan mana shu portaldan olish mumkin.
Portalda 14 turdagi elektron maʼlumotnomani mustaqil ravishda shakllantirib, chop etib olsa boʻladi. Ular oʻzining unikal raqamiga ega boʻlib, korxona va tashkilotlarga taqdim etilganda soliq organlarining maʼlumotlar bazasidan haqiqiyligini toʻgʻridan-toʻgʻri tekshirib olish imkoniyati mavjud.
my.soliq.uzdagi barcha interaktiv xizmatlar “SOLIQ” mobil ilovasida ham jamlangan. Mobil ilova GooglePlay da joylashtirilgan. Uni yuklab olish uchun Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy saytidagi havoladan foydalanish mumkin.
Soʻnggi ikki oy mobaynida portal foydalanuvchilaridan 52 mingdan ziyod murojaat kelib tushdi. Yuridik shaxslar tomonidan u orqali 1 million 781 325 soliq hisobotlari elektron shaklda joʻnatildi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 0,5 milliondan ortiq toʻlovlar elektron shaklda amalga oshirildi. Natijada mana shu qisqa vaqt ichida taxminan 32 tonna qogʻoz tejab qolindi.
Albatta, bu koʻrsatkich masalaning faqat iqtisodiy tomoni xolos. Uning ijtimoiy bahosi bundan-da yuqori va muhim. Chunki har bir raqam ortida qanchadan-qanchadan soliq toʻlovchilarning tejalgan vaqt va xarajatlari borligi aniq. Bizningcha, my.soliq.uzʻning nima uchun muhim portal ekaniga bundan ortiq izoh va xulosa shart emas.
Farrux NORMURODOV,
“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazining
veb-dasturlash boʻlimi boshligʻi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring