31 yillik muammo ijobiy yechim topdi
Shahrixon tumanidagi “Karnaychi” MFYda 66-umumtaʼlim maktabi binosining qurilishi 1989-yilda boshlangan edi. Ayrim sabablarga koʻra bunyodkorlik ishlari toʻxtab qoldi. Bu orada mahalla bolalari 39-maktabgacha taʼlim tashkiloti binosida faoliyat yuritayotgan 8-umumtaʼlim maktabi filialiga qatnashga majbur boʻldilar.
— Mahallamiz maktabi muammosi va nihoyat 31 yil deganda ijobiy yechim topdi, — deydi “Karnaychi” MFYda istiqomat qiluvchi Sanobar opa Doniyorova. — Viloyat hokimligi tashabbusi bilan farzandlarimiz yangi binoda tahsil oladigan boʻldi. Eng muhimi, ularning «Toshkent — Andijon — Oʻsh» magistral yoʻlidan maktabga qatnashlaridagi xavotirimiz ortda qoldi.
“Ark servis montaj” MCHJ tomonidan qurib bitkazilgan maktab binosi uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 5 milliard 900 million soʻm ajratildi. Natijada 520 nafar oʻquvchilarning zamonaviy sharoitda tahsil olishlariga imkon yaratildi. Maktab atrofini qoʻrgʻon devor bilan oʻrash, yangi sport zalini qurib bitkazish va qoʻshimcha jihozlar uchun yana 200 million soʻm mablagʻ ajratildi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring