Koronavirus tarqalishi boʻyicha Rossiya dunyoda uchinchi oʻringa chiqdi
Rossiya dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni boʻyicha Buyuk Britaniya va Italiyani ortda qoldirib, uchinchi oʻringa chiqib oldi, deb xabar berdi TASS agentligi.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Rossiyada koronavirus bilan kasallanganlar soni 221 344 kishiga yetgan.
Bir kunda yangi zararlanish holatlari Rossiyaning barcha 84 regionida qayd etilgan. Shundan 6 169 holat poytaxt Moskvaga toʻgʻri keladi.
Oxirgi bir kunda koronavirus bemorlarining 94 nafari vafot etdi. Shu tariqa, jami qurbonlar soni 2 009 nafarga yetdi.
Rossiyada soʻnggi toʻqqiz kun davomida kunlik kasallanish holatlari soni 10 mingdan kam boʻlmayapti. 7-may kuni Rossiya Germaniya va Fransiyani ortda qoldirib, beshinchi oʻringa koʻtarilgan edi.
Britaniya rasmiylari 219 183 holat haqida xabar qilishgan, Italiyada esa ushbu infeksiyani 219 070 kishi yuqtirgan. Britaniya va Italiya dushanba kungi raqamlarni hozircha eʼlon qilmadi.
Bugungi kunda Ispaniya virusni yuqtirganlar soni boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi (224 390), kasallik tarqalishi boʻyicha yakkahokimlik qilayotgan AQSHda 1,4 million odam virus yuqtirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring