23 nafar fuqaroga “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni topshirildi

15:36 14 Iyun 2022 Jamiyat
837 0

Respublika qon quyish markazida 14-iyun — Butunjahon donorlar kuni munosabati bilan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari E.Basitxanova, vazirlik mutasaddilari, sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari rahbarlari, shifokorlar hamda donorlar ishtirok etdi.

Coʻnggi yillarda yurtimizda bemorlarni xavfsiz qon komponentlari bilan taʼminlash hamda qon quyish stansiyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda 13 ta qon quyish boʻlimida sifatli qon va uning tarkibiy qismlarini yigʻish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ilgʻor uslublar amaliyotga tatbiq etilyapti.

Qolaversa, pandemiya sharoitida ogʻir bemorlar hayotini asrash, tibbiyot muassasalarini sifatli qon komponentlari bilan taʼminlash maqsadida mamlakatimizda begʻaraz donorlik aksiyalari muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Natijada oʻtgan 2021-yil yurtimizda 113 tonna sifatli qon komponentlari tayyorlandi.

— Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda gemotologiya, onkologiya, kardiologiya va transplantologiya yoʻnalishlari boʻyicha murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarining oʻtkazilishi sifatli qon komponentlariga boʻlgan ehtiyojning yanada ortishiga sabab boʻlmoqda, — deydi E. Basitxanova. — Bu esa oʻz-oʻzidan aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish va uni keng targʻib etishni taqozo etadi. Eng asosiysi, tibbiyot xodimlari bu yoʻlda barchaga namuna, faol va tashabbuskor boʻlishi lozim.

Sir emas, yurtimizda oʻz qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan fuqarolar anʼanaviy tarzda “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan mukofotlanadi.

Eʼtiborlisi, bu yil ham mamlakatimizning barcha hududlarida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirishda faol ishtirok etib kelayotgan 23 nafar ana shunday yurtdoshimiz mazkur mukofot bilan taqdirlandi.

Xususan, bugungi tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri buyrugʻi bilan 5 nafar faol donorga “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, Butunjahon donorlar kuni munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida faol donorlarni ragʻbatlantirishga bagʻishlangan bayram tadbirlari koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер