22 nafar oʻqituvchining “dekrat” puli undirib berildi
Foto: Illustrativ foto
Mamlakatimizda oʻqituvchilar mehnatiga munosabat oʻzgarganiga ancha boʻlib qoldi. Davlatimiz rahbari oʻz faoliyatining ilk kunlaridayoq oʻqituvchi mehnatini qadrlash taʼlim sifatini yaxshilashning asosiy omili ekanligini taʼkidlab, jamiyatda ularning mavqeyini koʻtarish vazifalarini belgiladi. Shu asosda majburiy mehnat koʻrinishidagi turli jamoat ishlariga jalb etish, ular faoliyatida ortiqcha qogʻozbozliklarga barham berishning huquqiy bazasi yaratildi. Oylik maoshlari bosqichma-bosqich oshirilmoqda. Faoliyatida muayyan yutuqlarga erishgan pedagoglar mehnati munosib ragʻbat topayotir.
Bir soʻz bilan aytganda bugun oʻqituvchi erkin nafas olib, jamiyatda ularning obroʻ-eʼtibori, mehnati qadr topmoqda.
Shu yutuqlar bilan birga afsuski, oʻqituvchilar mehnatiga bepisand munosabatda boʻlish holatlari hamon uchrab turibdi. Xususan Konimex tumani Adliya boʻlimiga murojaat qilgan oʻqituvchi ayol shulardan biri boʻlib, u olti oydan buyon “dekret” (homiladorlik va tugʻish taʼtili) pullarini ololmayotganini bayon etadi.
— Mazkur murojaat asosida Konimex tumanidagi maktabgacha va maktab taʼlim boʻlimida “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida»gi Nizom talablari ijrosi tahlil qilindi, — deydi Konimex tumani adliya boʻlimi boshligʻi Nurali Isroilov. – Tahlillar natijasida murojaatchining shikoyati tasdiqlanibgina qolmasdan mazkur muassasada Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 404- moddasi va yuqorida qayd qilingan Nizom talablari qoʻpol ravishda buzilgani maʼlum boʻldi. Konimex tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi 2023-yilning mart aprel, may oylarida homiladorlik va tugʻish taʼtilga chiqqan 22 nafar xodimga hisoblangan 191 million 896 ming soʻm miqdordagi mablagʻ toʻlab berilmaganligi aniqlandi.
Taʼkidlash joiz, ushbu huquqbuzarlik sud aralashuvisiz tuman Adliya boʻlimining taqdimnomasi bilan yechim topdi. 22 nafar ona, pedagog-ayol oʻz salomatligini tiklab, xotirjam bola parvarishi bilan shugʻullanmoqda. Biroq haqli savol tugʻiladi, ularni olti oy sarson qilganlar ushbu vaqt oraligʻida balki ulardan nimadir umidvor boʻlishgandir. Balki bu toʻlov tartibini inson omili aralashmaydigan, raqamlashtirilgan tizimga oʻtkazish kerakdir.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring