22 kg dan ortiq giyohvandlik vositalari musodara qilindi — DXX
Videodan kadr
Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 22 kg 585 gr giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Maʼlum qilinishicha, DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududida harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.
Natijada mashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan – Denov tumanida yashovchi 1987-yilda tugʻilgan (muqaddam sudlangan) shaxsning yonida 9 kg “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu giyohvandlik vositasi kelgusida sotish maqsadida tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan yetkazib berilgani maʼlum boʻlgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari hamkorligida Fargʻona viloyatida ham tezkor tadbir oʻtkazildi. Jumladan, Fargʻona shahrida yashovchi, 1994 va 1988-yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro ketayotgan avtotransport vositasi shahar hududida harakatlanayotgan vaqtida toʻxtatilib tekshirilganda, ularning yonida 5 kg 862 gr “gashish” moddasi borligi aniqlangan.
Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan ushbu giyohvandlik vositasining har bir kilogrammini 89 mln soʻmdan kelishgan holda sotib olmoqchi boʻlgan vaqtida – Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi, 1997-yilda tugʻilgan fuqaro ham qoʻlga olingan.
Bundan tashqari, ushbu giyohvandlik vositasini muqaddam Qirgʻiz Respublikasining Batken viloyati Qadamjoy tumanida narkosavdogardan olib, mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan keltirgan jinoiy guruh yetakchisi — Soʻx tumanida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan shaxs ham protsessual tartibda ushlangan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Namangan shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona viloyatining Fargʻona tumanida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan muqaddam sudlangan shaxs 3 kg 950 gr “gashish” moddasini xaridorga 38 ming dollarga sotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Shuningdek, u bilan birga kelgan, jinoiy sherigi – Fargʻona tumanida istiqomat qiluvchi, 2000-yilda tugʻilgan fuqaro ham ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 1992-yilda tugʻilgan shaxsning Fargʻona tumanidagi yashash xonadonidan muqaddam Qirgʻiz Respublikasidan keltirilgan 868 gr “gashish” moddasi ham olingan.
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1969-yilda tugʻilgan mahalliy fuqaro va uning Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1986-yilda tugʻilgan jinoiy sherigi oʻzaro kelishgan holda, Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 1 kg 962 gr “opiy” moddasini xaridorga 200 mln soʻmga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmalari hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Fargʻona viloyatida yashovchi, 1988-yilda tugʻilgan hamda Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi 1969-yilda tugʻilgan muqaddam sudlangan ikki nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan 943 gr “opiy” moddasini sotmoqchi boʻlgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlik kiritilishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 22 kg 585 gr giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan.
DXXga koʻra, hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring