2024-yilning bahor faslini birinchi oyida kutilayotgan ob-havo haqida maʼlumot berildi
Illyustrativ foto
“Oʻzgidromet” agentligi jahon prognozlash markazlarining dastlabki hisob-kitoblari tayanib, 2024-yilning bahor faslini birinchi oyida kutilayotgan ob-havo haqida maʼlumot berdi.
Mart oyida Oʻzbekistonda havo harorati odatda tez koʻtarila boshlaydi. Mart oyida oʻrtacha havo harorati fevralga nisbatan 5-6° ga, shimolda esa 7-8° ga yuqori boʻladi.
Mart oyining eng iliq kunlarida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida quyosh nurlari havoni 23-28° iliqqacha, janubda esa 30-33° iliqqacha isitadi.
Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun mart oyida qayd etilgan eng yuqori harorat qiymatlari hududning katta qismida 30-33° iliqni, janubiy hududlarda esa 34-37° iliqni tashkil etadi.
Biroq, mart juda murakkab oy deb hisoblanadi. Ushbu oy havo oqimlari yoʻnalishi tez-tez oʻzgarishi bilan tavsiflanadi. Janubdan juda iliq havoni jadallik bilan kirib kelishi Volga boʻyi, Ural va Gʻarbiy Sibir hududlaridan sovuq havo oqimi kirib kelishi bilan almashadi.
Iliq ob-havo davrlari sovuq davrlar bilan almashadi, bunda harorat koʻpincha 0-5° sovuqqacha pasayadi.
Oʻzbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun mart oyida mutlaq minimal harorat hududning katta qismida 15-20o sovuqni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Qizilqum shimolida 23-25° sovuqqachani tashkil etadi. Ustyurtda esa 1954-yil mart oyida harorat 34-37° sovuqqacha pasaygan.
Soʻnggi oʻttiz yil ichida mart oyida bunday past harorat kuzatilmadi. Soʻnggi 30-yilda mart oyining eng past harorati hududning katta qismida 6-11° sovuqni, shimolda 11-16° sovuqni, Ustyurtda 20-23° sovuqni tashkil etdi.
Kutilayotgan bashoratga koʻra, mart oyida oʻrtacha oylik havo harorati meʼyordan 1-2° ga past, baʼzi joylarda meʼyor atrofida boʻlib, 4-9° iliqni, janubda 10-11° iliqni tashkil etadi.
Oy davomida harorat kechalari 0-5° sovuqdan 5-10° iliqqacha, kunduz kunlari 5-10° iliqdan 17-22° iliqqacha, janubda 20-25° iliqqacha keskin oʻzgarib turishi prognoz qilinmoqda.
Respublika hududining katta qismida oylik yogʻingarchilik miqdori meʼyor atrofida, baʼzi joylarda undan koʻp boʻlishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring