2023-yilda 1000 nafar chet ellik professor-oʻqituvchi tibbiy oʻquv jarayonlariga jalb etiladi
Tibbiy oliy taʼlim yoʻnalishida xorij tajribasini oʻrganish, ularning ilgʻor oʻquv dasturlarini oʻzlashtirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois 2022-yil xorijdan 350 nafar professor-oʻqituvchi oʻquv jarayoniga jalb qilindi.
Shuningdek, oʻtgan yil 800 nafar shifokor Germaniya, Koreya, Singapur, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Turkiya kabi chet davlatlarning nufuzli klinikalari va universitetlariga malaka oshirishga yuborildi.
Qayd etish lozimki, 2023-yil yana 1500 nafar vrach xorijda oʻz malakalarini oshirsa, 1000 nafar chet ellik mutaxassis oʻzbek talabalariga saboq beradi.
Jumladan:
— gematologiya va onkogematologiya boʻyicha mutaxassislar, nefrolog, endokrinolog hamda kardiologlar Rossiyada;
— hamshiralar Germaniyada;
— onkologlar Koreyada;
— xirurglar Hindistonda;
— kardioxirurglar, transplantologlar Saudiya Arabistoni va Turkiyada;
— rahbar kadrlar esa Singapur va Turkiya davlatlarida malakasini oshirish boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Yana bir yangilik. Oʻtgan 2022-yil 6 ming nafar bitiruvchi talabalarini jalb qilgan holda, oilaviy shifokorlar vakansiyasi 80 foizga, tor mutaxassislar esa vakansiyasi 50 foizga qisqardi.
2023-yilda ushbu amaliyotlar davom ettirilib, 7,5 ming nafar bitiruvchi hisobiga oilaviy shifokor vakansiyasini 90 foizga, tor mutaxassislar vakansiyasini esa 70 foizga qisqartirish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, tibbiyot institutlarda 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura oʻquv rejalariga “nano texnologiya”, “tibbiyot genetikasi”, “IT-texnologiyasi” kabi fanlar kiritiladi va xorijiy pedagoglarni jalb qilgan xolda oʻquv jarayonlari tashkil etiladi.
Oliy taʼlim muassasalari hamda kollej va texnikumlarning oʻquv dasturlari AQSH, Koreya, Germaniya, Turkiya, Singapur va Rossiya standartlari asosida qayta koʻrib chiqiladi.
Tibbiyotda yetakchi boʻlgan xorijiy universitetlar darslik va ilmiy ishlari asosida oʻzbek tilida yangi avlod adabiyotlari yaratiladi.
Talabalarni nazariy va amaliy bilim hamda koʻnikmalarini baholash boʻyicha ikki bosqichli yangi tizim joriy qilinadi.
“Uzluksiz kasbiy taʼlim akademiyasi” tashkil etish orqali, malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi 11 ta institut, 23 ta ixtisoslashtirilgan markazlar, 26 ta koʻptarmoqli klinikalar va xususiy muassasalarda amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring