2022-yil 1-yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻim toʻliq bekor qilinadi

19:37 15 Noyabr 2021 Iqtisodiyot
41180 0

Arxiv surat

2022-yil 1-yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻim toʻliq bekor qilinadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev oʻzining «Telegram» kanaliga yozmoqda.

«Avvalroq, ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilinganda uni boshqa shaxs nomiga oldi-sotdi shartnomasi orqali notarial rasmiylashtirish hamda DYHXX (GAI)da roʻyxatdan oʻtkazishda toʻlanadigan davlat boji va yigʻimlar miqdorining yuqoriligi hamda ushbu yigʻimlar miqdorini kamaytirish boʻyicha yuborgan deputatlik soʻrovimga Moliya vazirligi tomonidan avtotransport vositasini DYHXXda roʻyxatdan oʻtkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarolardan undiriladigan yigʻimni bekor qilish, shuningdek notarial idorada undiriladigan davlat bojini pasaytirish nazarda tutilayotgani maʼlum qilgandim.

Kuni kecha (va nihoyat) hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 2022-yil uchun Davlat Byudjeti loyihasi va Byudjetnoma kiritildi.

Ushbu hujjatlarga koʻra, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini toʻlaqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻim toʻliq bekor qilinadi.

Shuningdek, Moliya vazirligidagi manbalarga koʻra, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilishi kutilayotgan oʻzgartirishga asosan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qatʼiy nazar, BHMning 3 barobari (810 ming soʻm) etib belgilanadi (solishtirish uchun amaldagi toʻlov miqdori BHMning 2 barobari (540 ming) dan 10 barobarigacha (2mln. 700 ming).

Demak, “2022-yil uchun Davlat Byudjeti toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilinishi hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari keskin kamayadi.

Misol uchun, amaldagi tartibga asosan ot kuchi 105 boʻlgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan koʻp boʻlmagan Nexia avtomobilini oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun hozir oʻrtacha 5mln. 535 ming soʻm xarajat talab qilinayotgan boʻlsa, qonunchilikka yuqoridagi oʻzgartirishlar kiritilgandan soʻng (2022-yil 1-yanvardan) bu xarajatlar taxminan 4 mln soʻmga kamayib, 1 mln. 600 ming atrofida boʻladi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra mamlakatimizda bir yilda 300 mingdan ortiq (ishonchnomalar bilan hisoblaganda aslida 700 mingdan oshadi) avtomobil oldi-sotdi shartnomalari amalga oshirilishini inobatga olsak, koʻzda tutilayotgan bu ijobiy oʻzgarishlar natijasida fuqarolar ixtiyorida qoʻshimcha 1,2 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ qoldiriladi.

Ha aytgancha, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun 3 foizlik yigʻim avtomashinalar narxiga kiritilgan va shu kungacha fuqarolarimiz UzAuto Motors avtomashinalarini 3 foiz ortiq narx bilan xarid qilib kelmoqdalar. Qiziq, endi ushbu yigʻim bekor qilinishi ortidan UzAuto Motors avtomobil narxlarini 3 foizga tushirarmikin?

Lekin kompaniya xaridorlardan avtomashina narxi ichida olingan 3%lik yigʻimni (birgina 2020-yilning 9 oyida 582,6 mlrd. soʻmni tashkil etgan) shundoq ham davlat byudjetiga toʻlamay kelganini  inobatga olsak, bular narxni oshirsa-oshiradiki, aslo kamaytirmaydi», deb yozadi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер