2021-yil byudjetnoma loyihasi: davlat qarzida qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?

16:18 14 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
2404 0

Bozor iqtisodiyoti rivojlanishi bilan ijtimoiy jihatdan taʼminlangan jamiyatning barpo etilishi davlat moliyasining sifatiga boʻlgan talablarni sezilarli darajada oshiradi. Davlat moliyasining asosiy tarkibiy qismi davlat byudjeti hisoblanadi. Davlat byudjetining asosiy tamoyillaridan biri esa oshkoralik prinsipidir.

Oshkoralik prinsipi ochiq matbuotda tasdiqlangan byudjet va uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar eʼlon qilinishini, byudjet ijrosi jarayonida maʼlumotlarning toʻliq va toʻgʻri berilishi, davlat hokimiyati qonunchilik organi va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlariga oid boshqa maʼlumotlarni olish imkonini yaratadi. Shuningdek, byudjet loyihasi boʻyicha qarorlarni koʻrib chiqish va qabul qilish tartiblarining jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq boʻlishini koʻzda tutadi.

2021-yilga moʻljallangan Byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri makroiqtisodiy va davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash hisoblanadi. Parlamentga Hukumat tomonidan taqdim etilgan 2021-yilga moʻljallangan Byudjetnomada davlat qarzi barqarorligini xalqaro meʼyorlarga muvofiq moʻtadil darajada ushlab turish uchun davlat qarzining eng yuqori chegarasini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizdan oshmasligini taʼminlash belgilangan.

Taʼkidlash joiz, ushbu cheklov yuqori chegara hisoblanib, albatta bu unga yetadi degani emas. Buning miqdori koronavirus pandemiyasining qancha muddatga choʻzilishi hamda dunyodagi iqtisodiy holatning milliy iqtisodiyotimizga taʼsiridan kelib chiqadi.

Davlat qarzining YAIMga nisbati boʻyicha dunyo mamlakatlarining 2013, 2015 va 2018-yillar uchun miqdoriy tahlili shuni koʻrsatadiki, umumiy qarz yukining barqaror oʻsishi bilan uning foizlar oraligʻida taqsimlanishi bir tekisda emas. Qarz yuki 60 foizdan yuqori boʻlgan mamlakatlar soni sezilarli darajada oʻsgan. Agar 2013-yilda davlat qarzi darajasi YAIMning 60 foizidan oshadigan 48 mamlakat boʻlgan boʻlsa, 2015-yilda ularning soni 61 taga, 2018-yilda esa 67 taga yetgan.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining ekonometrik modellashtirish usuli boʻyicha hisoblanganda, davlat tashqi qarzi 70 yoki 80 foizdan oshib ketsa, davlat uchun uning yuki ogʻir boʻladi. Yaʼni, bu vaziyat iqtisodiy rivojlanishga emas, iqtisodiy sekinlashuvga olib kelishi mumkin.

Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, davlat qarzi darajasi 80 dan 100 foizgacha boʻlgan mamlakatlar soni 2013-yildagi 10 tadan 2018-yilda 27 taga yetgan. Shu bilan birga, ushbu davrda qarz yuki 100 foizdan yuqori boʻlgan mamlakatlar soni 2013 va 2015-yillarda 15-17 tadan 2018-yil oxiriga kelib 11 tagacha kamaydi.

2018-yil oxiriga kelib dunyo davlatlarining qariyb 64 foizida davlat qarzi YAIMning 60 foizidan oshmaganligini koʻrish mumkin. Jahon yalpi ichki mahsulotining davlat qarziga nisbati oʻrtacha 80 foizni tashkil etmoqda.

Bugungi kunda davlat qarzi (ichki va tashqi qarz) YAIMning 36 foizini tashkil etmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va aholi turmush farovonligini yuksaltirish maqsadida jalb qilinayotgan davlat qarzi jahon iqtisodiyotining keyingi yillar uchun iqtisodiy oʻsish surʼatlaridan kelib chiqsak, 40-42 foizlar atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Jahongir ABDURASULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер