2 million 600 mingta aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yoʻq
Foto: president.uz
Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Yigʻilishda yana bir muammoga toʻxtalib oʻtildi – 2 million 600 mingta aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yoʻq.
Ushbu aholi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga murojaatlar tushmoqda. Ustiga ustak, kadastri boʻlmagani uchun yer soligʻi 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.
Shu bois Adliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Kadastr agentligiga bir hafta muddatda ishchi guruhlarini shakllantirib, ishlarni boshlash topshirildi. Ishchi guruhlari:
— 1-oktyabrga qadar mahallabay kadastr hujjati boʻlmagan xonadonlarning elektron roʻyxatini shakllantiradi;
— uy-joyga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etishga asos boʻluvchi hujjatlarni toʻplaydi va elektron bazaga kiritadi.
Mutasaddilarga respublikaning barcha hududlarida kadastri yoʻq xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga kiritish vazifasi qoʻyildi.
Yangi qonun qabul qilinguniga qadar bu uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qoʻllash toʻxtatib turishga qaror qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring