18-oktyabr – Samarqand shahri kuni: Samarqand bayram ogʻushida
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. 1996-yil 18-oktyabrda Sohibqiron Amir Temurning 660-yillik yubileyida Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan va 18-oktyabr Samarqand shahri kuni deb belgilangan. Mana 28-yildirki, bu sana keng nishonlanib kelinmoqda.
Bugun Samarqandni tom maʼnoda “Olamga yuz tutgan, kelajakka boʻy choʻzgan shahar”, deya taʼriflashga haqlimiz. Soʻnggi yillarda keng koʻlamli oʻzgarishlar roʻy berdi. Garchi hali mavjud imkoniyatlar natijalardan koʻproq boʻlsa-da, qariyb 600 minglik shahar aholisi islohotlar samarasini sezib bormoqda.



Qorasuvdagi zamonaviy shaharcha, eshkak eshish kanali atrofida qad rostlagan Xalqaro turizm markazi, Samarqand xalqaro aeroporti, yangi yoʻl va tonnellar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib boryapti. Shaharning barcha hududi, koʻcha va xiyobonlari uning tarixiy ulugʻvorligiga mos zamonaviy koʻrinishga ega boʻlib bormoqda.
Buni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro anjumanlar markaziga aylangan ushbu kentga kelayotgan barcha xorijlik mehmonlar ham eʼtirof etishmoqda.
Shahardagi bunyodkorlik ishlari bir daqiqa boʻlsada toʻxtagani yoʻq. Qurilish va obodonlashtirish ishlarining koʻlami yildan-yilga kengayib bormoqda.
Shahar hokimligi axborot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, joriy yilgi investitsiya dasturi asosida shaharda umumiy qiymati 268 milliard 840 million soʻmlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu mablagʻning salmoqli qismi sogʻliqni saqlash obyektlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar, sport, madaniyat va sanʼat maskanlari qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga sarflanadi.
Samarqand shahri boʻyicha 2024-yilda 63 ta koʻp qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilib, shundan 6 tasi foydalanishga topshirildi. Qolgani joriy yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich qurib bitkaziladi.



Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining 300 million dollarlik kredit mablagʻi hisobidan Amir Temur va Gagarin koʻchalari rekonstruksiya qilinib, kengaytirildi, piyodalar yoʻlaklari qurildi. Gagarin va Mirzo Ulugʻbek koʻchalari kesishmasida umumiy uzunligi 440 metr, inshoot uzunligi 44 metr boʻlgan tonnel bunyod etildi. Ayni paytda Gagarin va Rudakiy koʻchalari kesishmasida yana bir shunday tonnel qurilishi davom etmoqda.
Samarqand bugun bayram ogʻushida. Bir qator tadbirlar oʻtkazilib, toʻyga toʻyona sifatida hozirlangan yangi obyektlarni foydalanishga topshirish ham koʻzda tutilgan.
Maʼlumki, 2020-yilda Samarqand shahrida ilk turizm qishlogʻi “Konigil” tashkil etilgan edi. Mana, oradan besh yil oʻtib, “Konigil” qishlogʻini kengaytirish ishlari boshlandi va loyihaning ikkinchi bosqichida yangi sayyohlik yoʻnalishi ochilib, mehmon uylari hamda hunarmandchilik markazlari bunyod etildi. Obirahmat arigʻi boʻylab 2,5 kilometrlik veloyoʻlak, 3,7 kilometr uzunlikdagi piyodalar yoʻlagi yotqizilgan. Ariqning ikkinchi yonida esa elektromobillar harakatlanishi uchun alohida yoʻl ochilgan.



Mana shunday xayrli ishlar natijasida Samarqand shahridan oqib oʻtuvchi, bir paytlar chiqindi bosib yotadigan kanal va kollektorlar tozalanib, ulardan zilol suv oqa boshladi. Atrofi obod maskanga aylanyapti.
Samarqand shahri kuni munosabati bilan “Konigil-2” turizm qishlogʻi va Siyob arigʻi boʻylab barpo etilgan yangi koʻngilochar va dam olish maskanining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Asosiy bayram tadbirlari shaharning Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bogʻi va shu nom bilan ataluvchi koʻchada oʻtkazilmoqda. Mazkur bogʻdan turli koʻrgazma va sahna dasturlari, sport musobaqalari tashkil etilgan.
Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykali oldida “Samarqand — Sharq gavhari” mavzusi doirasida mushoira, Kamol Otaturk koʻchasida tayyor va arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyoj mollari yarmarkasi boʻlib oʻtmoqda.



Shuningdek, Samarqand shahri kuni munosabati bilan bir qator mahalla, korxona va tashkilotlarning yangi binolari va savdo doʻkonlari foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari “Moʻjiza” amfiteatrida konsert dasturi, Qorasuv massividagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida koʻplab el suygan sanʼatkorlar ishtirokida galakonsert namoyish etilib, yakunida ajoyib mushakbozlik boʻlib oʻtadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring