1,6 mlrd. soʻmlik tamaki mahsulotlarining soxta tranziti fosh boʻldi

19:28 14 Mart 2023 Jamiyat
705 0

Bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi va “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor xodimlari tomonidan DXX chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan keng koʻlamdagi tezkor tadbirda tamaki mahsulotlarining soxta tranzitiga chek qoʻyildi.

“Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga xorijdan keltirilgan va respublikamizdan tranzit tarzida qoʻshni davlatga olib chiqib ketilishi belgilangan 2 turdagi 110 776 quti sigaret, shu jumladan chilim uchun tamaki mahsulotlari “Jartepa” chegara-bojxona postiga yoʻnaltiriladi.

Ammo, “Jartepa” chegara bojxona postiga yetib kelgan yuk avtotransport vositasi inpeksion koʻrik majmuasi orqali koʻzdan kechirilganida, uning yukxonasi boʻsh ekanligi maʼlum boʻldi.

Tezkor tadbir davomida yuk mashinasiga ortilgan tamaki mahsulotlari Samarqand viloyati Bulungʻur tumanidagi xonadonlardan biriga tushririb qoldirilganligi fosh qilindi.

Shuningdek, xonadondagi “Kobalt” avtomashinasi yukxonasida ham 3680 quti chilim uchun tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Shunday qilib, mazkur holatda jami qiymati 1 620 828 000 soʻmlik 114 446 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi. Natijada, davlat byudjetiga yetkazilishi muqarrar boʻlgan 1 581 786 000 soʻmlik zarar ham oʻz vaqtida bartaraf etildi.

Eslatib oʻtamiz, respublikamiz bojxonachilari 2023-yilning oʻtgan davri mobaynida aniqlangan 55 ta holatda qiymati salkam 19 mlrd. soʻmlik 695 ming donaga yaqin tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib oʻtilishi va ichki hududdagi aylanmasiga chek qoʻyishdi. Olib qoʻyilgan tamaki mahsulotlarining miqdori oʻtgan yilning shu davriga nisbatan taqqoslanganda salkam 5,5 barobarga ortgan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan Bojxona qoʻmitasining Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер