10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni
2021-yil 28-aprelda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi bilan 10-mart kuni Xalqaro ayol sudyalar kuni deb e’lon qilingan. Xalqaro ayol sudyalar assosiatsiyasi, inson huquqlari va huquq institutlari kabi tashkilotlar ushbu bayram konsepsiyasini shakllantirishga faol hissa qo‘shdilar.
Xalqaro ayol sudyalar kunining tashkil etilishi professional sohada teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bu gender tengligining global tendensiyalarini aks ettirib, rasmiy ravishda yaqin yillarda xalqaro miqyosda tan olingan bo‘lsa-da, uning ahamiyati borgan sayin o‘sib bormoqda.
Xalqaro ayol sudyalar kunini belgilanishi ayollarning jamiyatdagi o‘rni va ularga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Ayollarning sud tizimiga qo‘shgan muhim hissasini tan olishga hamda gender tengligi tamoyillarini ilgari surishga qaratilgan. Ushbu kun shaffoflik va sud jarayonidagi barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar uchun kurashning ramzidir.
Mamlakatimiz sud tizimida faoliyat yuritayotgan ayol sudyalar o‘zlarining yuksak bilimi, aql-zakovati bilan jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat prinsiplarini qaror toptirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Ularning salmoqli mehnati jamiyatda ijtimoiy adolat va tenglikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda sud tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarning 30 foizidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil qiladi. Sudyalar korpusining 15 foizi esa ayol sudyalardan iborat. 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiya doirasida ushbu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish qat’iy maqsad qilib olingan. Sudyalar orasida xotin-qizlarning ulushi ortishi ijtimoiy munosabatlarga ayollar nuqtai nazari bilan qarash va baho berish imkoniyatini bermoqda. Zero, ayol sudya ko‘rib chiqayotgan nizoli ishdagi ijtimoiy holatlarga ona yoki opa-singil sifatida o‘z munosabatini bildiradi. Bu esa jamiyatda chinakam ijtimoiy adolatning ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Ayol sudyalar o‘rtasida samarali muloqot va tajriba almashishlari uchun Sudyalar oliy kengashi huzurida “Ayol sudyalar klubi” tashkil etilgan. “O‘zbekiston ayol sudyalari” jurnali o‘zbek va ingliz tillarida nashr etib kelinmoqda. Mamlakatimizda ilk bor O‘zbekiston ayol sudyalari assosiatsiyasi tashkil etildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Xalqaro ayol sudyalar kuni – bu sud tizimida gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni eslatuvchi muhim voqea. Ushbu kunni nishonlash orqali jahon hamjamiyati adolat, tenglik va professionallik tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. To‘siqlarni bartaraf etish va ayollarni odil sudlovda ilgari surishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yanada shaffof, ob’yektiv va demokratik sud tizimini shakllantirishga yordam beradi.
Kozimjon KOMILOV,
Konstitutsiyaviy sud sudyasi
Shoxrux MAJIDOV,
Konstitutsiyaviy sud Ekspertlar guruhi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring