1 sotix yerdan bir yilda 30 million soʻm qoʻshimcha daromad olish mumkin
Andijon viloyatining Andijon va Asaka tumanlarida tomorqadan foydalanishning hadisini olganlar istiqomat qiladilar. Ular moʻjazgina hovlisidagi har bir qarich yeridan bir yilda toʻrt marta hosil olmasa, hisobmas. Qolaversa, daromad topishning hali sinalmagan usullarini qoʻllab koʻrish ularning odatiy xoliga aylangan. Ana shulardan biri Mansurbek Boltaboyev Andijon tumanidagi Intilish MFYga qarashli “Nufuzli” koʻchasida istiqomat qiladi. Bir necha yillar davomida Koreya davlatida mehnat qildi. U joydan boshqalar qatori bir dunyo mol-mulk olib kelmadi – topgani tajriba boʻldi!

— Yaponiya, Koreya davlatlarida qulupnay yetishtirish ancha rivojlangan,-deydi Mansurbek. — Mening eʼtiborimni tortgani ularda erta bahorda bozorga yangi pishgan meva olib chiqiladi. Bilsam, issiqxonada qulupnay yetishtirish rivojlangan ekan. Boʻsh vaqtlarimda issiqxona egalarining tajribasini oʻrgandim.
Hovlisidagi bir sotix maydonda qad rostlagan issiqxonada avvallari gul yetishtirilar edi. Ularni oʻrnidan qoʻzgʻatmagan holda yuqori qismiga ikki qator ariqlar oʻrnatildi. Unga ekilgan qulupnayni tomchilatib sugʻorish orqali parvarishlay boshladi. Shunga ham uch yil boʻlibdi. Oʻtgan yili daromad chakki boʻlmadi. 130 kg. hosil yigʻildi. Ilk mevalarni 230 ming soʻmdan xarid qilishdi. Eng kami 70 ming soʻmdan sotildi. Hisob-kitoblarga qaraganda, agrotexnik tadbirlarga qatʼiy rioya qilinsa bu usulda yetishtirilgan qulupnay orqali bir sotix yerdan 30 million soʻm foyda olish mumkin.
— Hovlimizdan yana bir sotix maydonni qulupnay uchun hozirlayapmiz,-deya suhbatda davom etadi Mansurbek. — Oʻz kuchim va imkoniyatimni hisoblab koʻrsam 20 sotixgacha boʻlgan maydonda dehqonchilik qilishim mumkin ekan. Buning uchun mahalliy hokimlik yer maydoni ajratishga yordam bersa amalga oshirgan ishlarim orqali mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga ham hissa qoʻshgan boʻlardim.
Ha, xalqimiz bekorga: “Qimirlagan qir oshar”,-deb aytmagan. Pandemiya sharoitida ayrim yurtdoshlarimiz daromadsiz qolganligini roʻkach qilib, yordam soʻrayotgan bir paytda oʻzidan ortinib oʻzgalarga oshinayotgan yurtdoshlarimizning borligi har birimiz uchun katta tajriba maktabi vazifasini oʻtamogʻi kerak.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring