1-apreldan koʻchmas mulk va avtomobil savdosida yangi tartibga oʻtiladi
Oʻzbekistonda 2026-yilning 1-aprelidan boshlab koʻchmas mulk va transport vositalarini sotib olishda hisob-kitoblarning yangi eskrou tizimi joriy etiladi.
Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi farmoniga muvofiq, endilikda ushbu turdagi yirik bitimlar faqat naqd pulsiz shaklda, banklar ishtirokida amalga oshiriladi.
Yangi tartib kimlarga daxldor?
Yangi mexanizm barcha turdagi koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10-yildan oshmagan M,N, O va G toifasidagi transport vositalari hamda maxsus avtotransport vositalari obyektlarining oldi-sotdisiga nisbatan qoʻllanilishi belgilangan.
Maʼlumot uchun, mazkur tartib uy-joy qurilishiga ulush kiritish asosida rasmiylashtiriladigan bitimlarga tatbiq etilmaydi, chunki ular alohida qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Eskrou mexanizmi nima va u qanday ishlaydi?
Eskrou hisobvaragʻi xaridor va sotuvchi oʻrtasidagi “xavfsiz hamyon” vazifasini oʻtaydi.
Jarayon quyidagicha kechadi:
- Mablagʻni muzlatish. Xaridor bankda maxsus eskrou-hisobvaraq ochib, unga kelishilgan summani kiritadi.
- Tasdiqlash. Notarius bank tizimi orqali mablagʻning hisobga tushganini tekshiradi va shundan keyingina bitimni imzolaydi.
- Pulni oʻtkazish. Bitim tasdiqlangach, bank mablagʻni avtomatik ravishda sotuvchining hisobiga oʻtkazib beradi.
- Qaytarish. Agar bitim biron sababga koʻra amalga oshmasa, pul xaridorga toʻliqligicha qaytariladi.
Xizmat haqi va qulayliklar
Jamoatchilikni qiziqtirgan komissiya toʻlovlari boʻyicha aniq limitlar belgilangan.
Jumladan:
- Koʻchmas mulk uchun BHMning 50 foizigacha (taxminan 206 ming soʻm);
- Avtomobil uchun BHMning 25 foizigacha (taxminan 103 ming soʻm).
Maʼlum qilinishicha, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida 1 100 dan ortiq notariuslar bank tizimiga integratsiya qilingan.
Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring