Uchkoʻprikdagi ipakchilar mahallasida 100 xilga yaqin arqon va ip mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda
Ayni paytda Uchkoʻprik tumanidagi 51 ta MFYning 30 dan ortigʻi “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashgan boʻlib, unga koʻra har bir hududning iqtisodiy rivojlanish drayverlari ishlab chiqilgan.
Xususan, 10 ta MFY koʻchatchilik, 4 ta MFY limonchilik, 6 ta MFY esa trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha tumanda yetakchi mahallalar sirasiga kiradi. “Beshkapa” mahalla fuqarolar yigʻini ahli esa avloddan avlodga oʻtib kelayotgan oʻziga xos hunarmandchilik bilan shugʻullanadi.

Bugungi kunda mahalladagi 700 dan ziyod xonadonning 350 ga yaqinida kasanachilik va hunarmandchilik asosida arqon mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Shu bois ushbu hunar va tadbirkorlik beshkapaliklar uchun barqaror daromad manbaiga aylanib ulgurgani eʼtiborga molik.
Taʼkidlash joizki, anʼanaviy hunarmandchilik yoʻnalishida qoʻl mehnati bilan boshlangan mazkur faoliyat soʻnggi yillarda zamonaviy mezonlar asosida rivojlandi. Natijada hududda oilaviy tadbirkorlar tashabbusi bilan kichik sanoat korxonalari safi kengayib bormoqda. Ayni jarayonda Xitoydan keltirilgan zamonaviy dastgohlar yordamida ish unumdorligi va mahsulot ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli darajada ortishiga erishildi. Hozirda arqon mahsulotlari ishlab chiqarayotgan xonadonlarning oʻrtacha oylik daromadi 10-15 million soʻmni tashkil etadi.

Shu tarzda mahallada 100 xilga yaqin arqon va ip mahsulotlari ishlab chiqarilib, yurtimiz bozorlari, shu bilan birga qoʻshni davlatlar Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston hamda Rossiyaga eksport qilinmoqda.
—Ota-bobolardan meros hunarni yangicha yondashuvlar boʻyicha rivojlantirib, xonadonimizda kichik ishlab chiqarish sexini barpo etganmiz,—deydi mahalladagi yetakchi tadbirkorlardan biri Abduxalil Rajabboyev.—Oila aʼzolarimiz bilan birga mehnat qilib, har kuni oʻrtacha 2 ming metr atrofida arqon toʻqiymiz va buyurtma asosida xaridorlarga yetkazib beramiz.

Bu faoliyat orqali bir oyda 30 million soʻmgacha daromad topamiz. Yaqin istiqbolda faoliyat koʻlami va daromad salmogʻini oshirish uchun Xitoy, Turkiya tajribasi asosida bu borada jahon bozori talablariga mos tayyor hamda yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish maqsad qilingan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring