Tibbiyot xodimlari kuni asosiy tantanalari Samarqand shahrida nishonlandi
Foto: Xalq so‘zi
Har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi yurtimizda Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu yil bayramning asosiy tantanalari oʻtgan yillardagidan oʻzgacha tarzda Samarqand shahrida tashkil etildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan bir guruh fidoyi, koʻp yillik tajribaga ega soha faxriylari, shuningdek, yosh isteʼdodli tibbiyot xodimlari dastlab Samarqand shahridagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Qadimiy kentda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, joriy yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan va allaqachon xalqaro muloqotlar maydoniga aylanib ulgurgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm majmuasida qad rostlagan Xalqaro kongress markazi, “Boqiy shahar” va jahon standartlariga mos mehmonxonalar tibbiyot xodimlarida chuqur taassurot qoldirdi.

Bayramning asosiy tantanasi yangidan rekonstruksiya qilingan Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat musiqali drama teatrida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigini Prezident maslahatchisi Odil Abdurahmonov oʻqib eshittirdi.
Tabrikda qayd etilganidek, yurtimizda har bir fuqaro uchun yuqori sifatli tibbiy xizmat tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida malakali tibbiy xizmat har bir mahalla va xonadonga kirib bormoqda.

“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni jamiyatimiz hayotida toʻla roʻyobga chiqarish maqsadida keyingi vaqtda yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan muntazam uchrashib, oldimizda turgan vazifalar va dolzarb muammolarning yechimlari haqida fikrlashib olish ibratli anʼanaga aylandi.
Joriy yilda sizlar bilan oʻtkazilgan muloqotlarimiz ham har tomonlama foydali boʻldi. Buning natijasida 2022-yilda sohaga oid yigirmadan ziyod qonun, farmon va qarorlar hamda boshqa zarur meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda, deyiladi tabrikda.
Darhaqiqat, bugun Oʻzbekiston tibbiyotida mutlaqo yangicha yondashuvlarga asoslangan islohotlar jarayoni boshlangan. Bundan koʻzlangan ustuvor maqsad xalqni rozi qilishdan iborat. Tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirish, avvalo, birlamchi tibbiyot tizimini takomillashtirishdan boshlandi. Joriy yilning oʻtgan davrida bu yoʻnalishda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi doirasida respublikamiz boʻyicha 100 dan ortiq oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar, mingdan ziyod mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Natijada 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi.
Birlamchi tizimda kunduzgi shifo oʻrinlari tashkil qilinib, ularning ish faoliyati 20-00 gacha uzaytirilishi natijasida poliklinikalarga murojaatlar soni 191 milliontaga yetdi. Shuningdek, bemorlarning oilasidan ajralmagan holda kunduzgi statsionarlarda muolaja olishi hisobiga shifoxonalarda davolanish hajmi qariyb 12 foizga kamaydi.

Erta skrining dasturlari amalga oshirilishi hisobiga 6,7 million nafar aholi yurak-qon tomir, qandli diabet hamda 2,1 million nafar ayol saraton xastaliklari boʻyicha tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi. “Qishloq shifokori” dasturi boʻyicha 191 nafar shifokor olis va chekka hududlarga jalb etildi.
Tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirildi. Shuningdek, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan ragʻbatlantirish va ustama toʻlovlari joriy etildi. Umuman, joriy yilda tibbiyotga ajratilayotgan mablagʻ oʻtgan yilga nisbatan 1,3 baravar koʻp.
Prezidentimizning shu yil 16-iyunda qabul qilingan “Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori asosida Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali tashkil etilib, “103” xizmatining yagona vertikal boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Ogʻir xastaliklardan aziyat chekkan yurtdoshlarimiz yaqin-yaqingacha jigar, buyrak transplantatsiyasi, yurak sohasidagi nozik operatsiyalar va boshqa koʻplab kasalliklarga davo istab ilgʻor xorijiy mamlakatlarga borishga majbur edi. Bugun esa deyarli barcha murakkab jarrohlik muolajalari Oʻzbekistonning oʻzida oʻtkazilmoqda. Yana ham quvonarlisi, ularni viloyat va hatto tuman darajasida bajarish yoʻlga qoʻyilyapti. Bunda yurtimizdagi 24 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi va ularning 269 ta filiali muhim rol oʻynamoqda.
Oʻtgan qisqa davrda ushbu muassasalarda 6000 dan ziyod ilgʻor tibbiy amaliyotlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Shundan 750 dan ortigʻini viloyat, 150 dan ziyodini tuman darajasida bajarish oʻzlashtirildi.

Natijada tugʻma yurak nuqsoni boʻlgan 2,5 ming nafardan ziyod bolada murakkab operatsiyalar oʻtkazildi. Eshitish zaifligi va karlik holatlari mavjud 350 nafarga yaqin oʻgʻil-qiz koxlear implantatsiya amaliyotlari bilan qamrab olindi.
Mamlakatimiz boʻyicha bajarilgan 178 ta buyrak transplantatsiyasidan 34 tasi hududlarda bajarildi. 42 turdagi yuqori texnologik laparoskopik, torakoskopik va endovaskulyar jarrohlik operatsiyalari amaliyotga tatbiq etilishi tufayli 3 mingga yaqin bemorlar yuqori texnologiyali muolajalar orqali xavfli xastaliklardan xalos boʻldi.
Sohaga innovatsiyalarning jadal tatbiq etilayotgani ham quvonarli natija. Yurtimiz tibbiyoti tarixida ilk bor zamonaviy robot-jarroh texnologiyasi olib kelib, oʻrnatildi. Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda noyob boʻlgan ushbu qurilma orqali qisqa muddatda oʻnlab bemorlarda oʻta murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Bugun joylarda ogʻir xastaliklardan aziyat chekayotgan, biroq poytaxtga kelib davolanishga imkoni yoʻq ehtiyojmand bemorlar kam emas. Ana shunday yurtdoshlarimiz salomatligini tiklash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida mamlakatimizning 13 ta hududida mutlaqo yangi tizim asosida sogʻlomlashtirish aksiyalari oʻtkazildi. Ularga vazirlik, respublika davolash-profilaktika muassasalarining 200 nafardan iborat yetakchi mutaxassislari jalb etildi.
“Mahallabay” tarzda oʻtgan tekshiruvlarda aholi vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, kasallik aniqlangan 275 ming nafar bemordan 210 ming nafari ambulator, qolganlari statsionar sharoitda sogʻlomlashtirildi.
Bundan tashqari, murakkab operatsiyalarga muhtoj 16,2 ming nafar bemordan 3,2 ming nafari hududlarning oʻzida sogʻlomlashtirildi.
Tibbiyot sohasida shakllantirilgan sogʻlom raqobat muhiti tufayli aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi oshib bormoqda. Jumladan, mamlakatimizda joriy yilning oʻtgan 9 oyida 586 ta ambulator, 110 ta statsionar shakldagi yangi xususiy shifo maskani ish boshladi. 121 ta klinika oʻz faoliyatini kengaytirdi. Natijada mamlakatimizda xususiy sektorda faoliyat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari soni 7635 taga yetdi.
Bugungi kunda yurtimizda 11 ta davlat tibbiyot oliy taʼlim muassasasi, 2 ta xorijiy tibbiyot universiteti filiallari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 3 ta xususiy oliy taʼlim muassasasi, Guliston, Qarshi davlat universitetlari, Jizzax va Navoiy davlat pedagogika institutlari hamda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetlarida tibbiyot fakultetlari tashkil etilgan. Ularda bakalavriat bosqichi boʻyicha 13 ta, magistraturada 45 ta, klinik ordinaturada 32 ta hamda internaturada 21 ta mutaxassislik asosida kadrlar yetishtirilyapti.

Shu bilan birga, yurtimizda oʻrta tibbiyot xodimlari 27 ta tibbiyot kolleji va 47 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida tayyorlanyapti. Xususan, tibbiyot kollejlarida 7 ta yoʻnalish, Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida esa 6 ta yoʻnalish boʻyicha oʻquvchilar kasb sirlarini puxta oʻzlashtirayotir.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-noyabr kuni eʼlon qilingan Farmoniga koʻra, mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash borasidagi koʻp yillik samarali mehnati, tizimni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng tatbiq etish, sohaga doir dasturlar ijrosini muvaffaqiyatli amalga oshirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun bir guruh xodimlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Marosimda ushbu yuksak orden va medallar oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev va davlat mukofoti bilan taqdirlangan tibbiyot xodimlari sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
Tibbiyot xodimlari kuniga bagʻishlangan badiiy kechada davomida xalqimizning sevimli sanʼatkorlari va yosh ijrochilarning konsert dasturi hamda tadbir soʻngida “Fidoyilar” nomli teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi namoyish etildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi” .
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring