SHHTga aʼzo davlatlarning “Samarqand – 2022” xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi boʻlib oʻtmoqda

14:32 16 Avgust 2022 Jamiyat
698 0

Foto: Xalq so‘zi

Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitiga tayyorgarlik jarayonida “Samarqand ruhi” loyihasi doirasida boʻlib oʻtgan ushbu tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda viloyat hokimligi tomonidan Samarqand shahridagi Vatanparvar bogʻida tashkil etildi.

Simpoziumni Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. Unda Eron, Hindiston, Qozogʻiston, Gruziya kabi davlatlarning hamda respublikamizning mahoratli haykaltaroshlari ishtirok etmoqda.

— Shu paytgacha oʻndan ortiq xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etganman, — deydi Qirgʻiziston Respublikasidan kelgan haykaltarosh Tamila Mamatova. —Tarixiy shahar — Samarqandda tashkil qilingan bu koʻrgazma menda katta taassurot uygʻotmoqda. Eʼtiborlisi, bizning shu yerda yaratgan asarlarimiz SHHTning Samarqand sammitidan esdalik sifatida qoladi.

— Zarband marmarini taqdim etgani uchun Samarqand viloyati hokimligiga barcha haykaltaroshlar nomidan oʻz minnatdorligimni bildiraman, — deydi sanʼatshunos, haykaltaroshlik simpoziumi koordinatori Nasima Joʻrayeva. — Bugungi kunda u butun dunyo haykaltaroshlari ishlatayotgan eng yaxshi materiallardan biridir.

— Olamning butun siri, goʻzalligi va tarixi toshda, biz haykaltaroshlar toshning goʻzalligini ochishga majburmiz. Men simpozium kunlarida ishlashni rejalashtirgan asarim odamlarga biz qanday ajoyib dunyoda yashayotganimiz haqida fikr bildirishini istayman, — deydi qozogʻistonlik haykaltarosh Uljan Jaugasheva. — Koʻplab simpoziumlarda qatnashdim, koʻplab materiallar bilan ishladim, Zarband marmari Shveysariyada ishlagan toshimni menga eslatadi, bunday tosh granit kabi qattiq va shu bilan birga juda chiroyli.

10-sentyabrga qadar davom etadigan tadbirda dunyoning mohir haykaltaroshlari “Vatanparvar” bogʻida oʻz asarlarini yaratadilar, soʻngra ushbu sanʼat asarlari Samarqand koʻchalarini bezaydi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер