Qoʻqonda aholini tadbirkorlikka jalb etish va jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda sunʼiy intellektdan foydalaniladi

14:54 17 Aprel 2026 Jamiyat
159 0

Qoʻqon shahrida aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ayni jarayonda mahallalar kesimida murojaatlarni umumlashtirish va qisqa vaqt ichida ijrosini taʼminlash maqsadida sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanishga harakat qilinmoqda.

Ayni yoʻnalishda davlatimiz rahbarining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim dasturilamal boʻlmoqda. Unga koʻra, yangi dasturiy taʼminotlar ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilayotir.

Kuni kecha Qoʻqon shahar hokimligida ishlab chiqilgan ana shunday dasturiy taʼminot imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Oʻrganishlar davomida aholini tadbirkorlikka jalb etishga qaratilgan bunday loyihalar qatorida taʼlim hamda jamoatchilik nazorati tizimida ham ana shu kabi tashabbuslarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻz navbatida ushbu dasturiy taʼminot imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida qoʻshimcha qulayliklar yaratish, xizmatlar hajmi va sifatini oshirish boʻyicha oʻrinli takliflar bildirildi.

— Bu dasturiy taʼminot har bir murojaatni tahlil qilib, murojaatchi istiqomat qiluvchi mahalla drayveri, tadbirkorlik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amaliy yoʻl-qoʻriq koʻrsatadi hamda tavsiyalarini beradi, — deydi Qoʻqon shahar hokimining sunʼiy intellektni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Alisher Allanazarov. — Dastlabki tajriba loyihasi boʻlgan mazkur dasturiy taʼminot Oʻzbekiston sanoat qurilish banki bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Yaqin istiqbolda barcha tijorat banklarida inson omilisiz faoliyat koʻrsatuvchi ana shunday zamonaviy tizimni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bugungi muloqotda mutasaddilar bilan davlat organlarida mavjud muammolarni sunʼiy intellektga asoslangan yechimlar orqali hal etish, mahalliy hokimiyat va mahallalar faoliyati samaradorligini oshirish, faoliyatida vaqt va inson resurslarini tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama etildi.

Ayni paytda dasturiy taʼminot toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun shay holatga keltirilgan. Muzokaralar chogʻida dasturni ayni Qoʻqon shahri uchun moslashtirish, zarur tahliliy maʼlumotlar bilan toʻldirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda jamoatchilik nazoratini oʻrnatish uchun maxsus platforma tashkil etish taklifi ham ilgari surildi. U har bir murojaatni tizimli yoʻnaltirish va tezkorlik bilan hal etish imkonini beradi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер