Oʻzbekiston Prezidentining yana bir muhim tashabbusi amalga oshdi. U Orolboʻyi mintaqasi bilan bogʻliq
Kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Ozarbayjon, Jazoir, Afgʻoniston, Bangladesh, Belarus, Vengriya, Vyetnam, Gruziya, Misr, Hindiston, Iordaniya, Eron, Xitoy, Marokash, Nepal, Oʻmon, Pokiston, Paragvay, Rossiya, Ruanda, Ruminiya, Senegal, Singapur, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Yaponiya kabi dunyoning turli mintaqalaridan 60 dan ortiq davlat ushbu rezolyutsiya hammualliflari boʻldi.
Maʼlumki, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish tashabbusi 2018-yil avgust oyida Turkmanboshi shahrida boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi-davlatlari rahbarlarining yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilk bor ilgari surilgan edi.
Davlatimiz rahbari 2020-yil sentyabrda oʻtkazilgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida esa aʼzo davlatlarni ushbu masala boʻyicha maxsus rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilishga chaqirgan edi. Oʻzbekiston Prezidenti oʻz chiqishida mazkur tashabbus yuqori texnologiyali innovatsiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni yaratish va tatbiq qilishga investitsiyalarni jalb etish uchun shart-sharoit yaratish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng qoʻllash, tuproq degradatsiyasi, choʻllanish va ekologik migratsiyaning oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish kabi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilganini taʼkidlagandi.
“Dunyo” AAga mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, tashqi siyosat mahkamasi, xorijdagi elchixonalarimiz va Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan respublikadagi barcha manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda davlatimiz rahbari tashabbusini amalga oshirish doirasida keng koʻlamli ishlar olib borildi. 2019-yil 25-oktyabr kuni Nukusda “Orol dengizi mintaqasi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” mavzusida yuqori darajali xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda ilk bor rezolyutsiya loyihasi taqdim etildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterresh forum ishtirokchilariga videomurojaatida Orol dengizining yoʻqolib ketishini zamonamizning eng katta ekologik ofatlaridan biri deb atadi.
COVID-19 pandemiyasi sabab BMT Bosh Assambleyasi faoliyatidagi jiddiy cheklovlarga qaramay, qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, chet eldagi diplomatiya vakolatxonalarimiz tomonidan rezolyutsiyaning mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida BMTga aʼzo davlatlar bilan koʻplab muzokaralar oʻtkazildi, yuqori darajadagi forumlar, BMT asosiy tuzilmalarining yalpi va maxsus yigʻilishlarida uning dolzarbligi taʼkidlab oʻtildi.
Rezolyutsiya matnini kelishib olish uchun BMT aʼzolarini keng jalb etgan holda qator norasmiy maslahatlashuvlar tashkil etildi. Hujjat loyihasini muhokama qilishda faol ishtirok etgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yevropa, Afrika, Lotin va Shimoliy Amerika davlatlari delegatsiyalari Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusini yuksak baholadi, shuningdek, uning nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahonning boshqa mamlakatlari uchun ham oʻta muhimligini eʼtirof etdi.
Bosh Assambleya qabul qilgan maxsus rezolyutsiya:
— Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qiladi;
— bundan buyon ham Orolboʻyi mintaqasi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot sifatini oshirish manfaatlari yoʻlidagi ilmiy-tadqiqot maslahatlashuv faoliyatini ragʻbatlantiradi;
— Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, Orol dengizining qurib qolgan tubida tuz, chang-toʻzonni uzatishga moyil boʻlgan qum uyumlarida oʻrmon melioratsiyasi usullarini barqaror qoʻllash yoʻli bilan yana-da choʻllanishning oldini olish, salbiy ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish boʻyicha birgalikdagi tadbirlarni amalga oshirish yoʻlidagi mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ekanligini taʼkidlaydi;
— aʼzo davlatlar, BMT tizimidagi jamgʻarmalar, dasturlar va tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarni 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga muvofiq Orolboʻyi mintaqasida fanlararo tadqiqotlar oʻtkazish va ilmiy-innovatsion hamkorlikni amalga oshirish, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy oʻsish hamda energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qoʻllashga turtki berishga chaqiradi.
Hujjatda Oʻzbekiston rahbariyati tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazini tashkil etilishi va Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik halokatning salbiy holatlarini bartaraf etish hamda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida BMT shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun Koʻpsheriklik Trast fondi taʼsis qilinishi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan yuqori baholangani va qoʻllab-quvvatlangani oʻz ifodasini topgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan bundan oldin taqdim etilgan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida”gi va “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va barqaror turizm toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyalar ham bir ovozdan maʼqullangani eʼtirof etildi.
Qayd etish lozimki, Orolboʻyi mintaqasi Bosh Assambleya tomonidan Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi degan muhim maqomga ega boʻlgan birinchi mintaqaga aylandi.
Prezidentimizning mana shunday hududni yaratish boʻyicha tashabbusi 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi umumiy saʼy-harakatlar doirasida dunyoning turli mintaqalarida ham tatbiq etiladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring