Maktabni oʻgʻil bola sinfdoshsiz bitirgan 6 dugona
Foto: Халқ сўзи
Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Mingterak qishlogʻidagi 49-umumtaʼlim maktabining bor-yoʻgʻi 77 nafar oʻquvchisi bor. Maktabda har bir sinfda oʻrtacha 8 oʻquvchi oʻqiydi, hatto 4 oʻquvchili sinf ham bor. Bu yil maktabni bitirayotganlar esa 6 nafar va ularning hammasi qizlar. Maktabni oʻgʻil bola sinfdoshsiz bitirayotgan qizlarning bari toʻkis-tugal aʼloga oʻqigan va turli oliy oʻquv yurtlari talabalari boʻlish niyatida.

Ushbu maktab moʻjaz boʻlsada, uning ibrat olgulik jihatlari bor. Ulardan eng eʼtiborlisi, ona tili, matematika, tarix fanlari boʻyicha yuqori baholarga oʻqiyotgan bolalarga har chorakda stipendiya berilishidir.
Mazkur stipendiyani shu maktabning sobiq oʻquvchisi,“Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari Hakimjon Yunusov oʻz hisobidan tashkil etgan. Va u bir martalik yo bir yillik emas, koʻp yillardan buyon muntazam amalga oshirib kelinayotgan, maʼrifatga yoʻnaltirilayotgan ragʻbat sifatida koʻpchilikka namuna boʻlayotir.

Hakimjon Yunusov bu galgi, soʻnggi chorak stipendiyalari qatoriga 25 tadan ziyod nominatsiyalar ham qoʻshgani tahsinga loyiq. Bu nominatsiyalarga koʻra nafaqat aʼlochi oʻquvchilar, balki oʻqituvchilar, ota-onalar, umuman, maktab ishiga munosib hissa qoʻshayotgan turli vazifadagi xodimlar, jamoatchilik vakillarining mehnatlari ham munosib eʼtirof etildi. Zero maʼrifatga yoʻnaltirilgan homiylik eng xayrli ishdir.
“Soʻnggi qoʻngʻiroq”da uzoq tarixga ega qoʻngʻiroq namoyish etildi

Mazkur maktabning tarixi yetmish yilni qoralayapti. Chekka, ovloq qishloq Mirzachoʻlni oʻzlashtirish yillarida paydo boʻlgan. Lekin maktab muzeyida bir vaqtlar chalingan qoʻngʻiroq borki, uning tarixi bir necha yuz yillik boʻlsa, ajab emas. Chunki u aslida sarbon tuyasi boʻyniga osilgan qoʻngʻiroq hisoblanadi. Aytishlaricha, mazkur osori atiqani qachonlardir shu qishloqlik kimgadir karvon yoʻlovchilari tuhfa qilgan. Va u vaqti kelib ayni maktabning qoʻngʻirogʻiga aylangan hamda uzoq yillar davomida oʻquvchilarni ilm olishga chorlagan.
Ha, bepoyon dalalar ogʻushidagi Mingterakning kichkina maktabida ilmu maʼrifat rivoji yoʻlida chalingan, xoh qadimgi va xoh yangi qoʻngʻiroqlar boʻlsin, ularning ohangida uygʻunlik, zamonlar osha oʻzgarmas va yagona – ilmu maʼrifat karvoniga ravon yoʻl koʻrsatishdek ezgu maqsad mujassam.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring