Xarid komissiyasi tomonidan qonunbuzilishi holatlariga “koʻz yumilgan”ligi aniqlandi — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

16:55 21 Iyun 2023 Jamiyat
554 0

Yozyovon tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida 2023-yil 14-iyun kuni oʻtkazilgan 1 mlrd 38 mln soʻmlik davlat xaridida qonunchilikka zid holatlar aniqlandi.

Oʻrganish davomida aniqlanishicha, xaridda ishtirok etgan 2 nafar tadbirkorning taʼsischisi va rahbari bir-biriga yaqin qarindosh, yaʼni er-xotin boʻlsa-da, xarid komissiyasi tomonidan ushbu affillanganlik holatiga baho berilmagan va nohalol raqobat kelib chiqqan boʻlishiga qaramay, tanlovni oʻtkazishni vaqtinchalik bekor qilish choralari koʻrilmagan.

Natijada “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 23-moddasi (xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi) va 42-moddasi (ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari) hamda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun bir necha talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Shuningdek, davlat xaridida qatnashgan ikki tadbirkorning hujjatlarini oʻrganishda ularning tayyorlanishi, shakli va shu kabi boshqa holatlarga umuman baho berilmagan, aynan hujjatlarni bir joyda tayyorlanganligi koʻrib chiqilmasdan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida Agentlik tomonidan 2023-yil 14-iyun kuni buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi hamda qonuniy chora koʻrish uchun toʻplangan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga yuborildi.

Agentlikning taqdimnomasiga binoan Yozyovon tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 16-iyun kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер