Katta buvisi Buxoro amiri nazariga tushgan, oʻzining esa Yaponiyada ham shogirdlari bor

15:59 10 Iyun 2022 Jamiyat
1095 0

Foto: Халқ сўзи

Koʻhna Buxoro azal-azaldan nafaqat qadimiy yodgorliklari, osori atiqalari, balki hunarmandlarining koʻpligi bilan ham mashhur.Zardoʻzlik, zargarlik, kashtadoʻzlik, gilamdoʻzlik kabi xalq amaliy sanʼati yoʻnalishlarida asrlar osha butun boshli sulolalar faoliyat koʻrsatib kelayotgani bejiz emas. Buxorolik kashtadoʻzlar sulolasiga mansub Vazira Atoyeva, xususan, uning 72 yoshli buvisi Qurbonoy momo bu haqida maroq bilan soʻzlaydi.

— 18 yoshdaligimda turmushga chiqqanman, — deya eslaydi Qurbonoy Atoyeva. — Qaynonam Matlab Negmatova mohir kashtadoʻz edi. Kechagiday yodimda, meni oʻz farzandi oʻrnida koʻrib, “Hunarli xor boʻlmaydi, qizim”, degandi. Shu bir ogʻiz iliq soʻz sabab qoʻlimga nina tutib, u kishidan kashtadoʻzlikni oʻrganishga kirishdim. Qari bilganni pari bilmaydi, deyishgani rost. Hunar ortidan orzu-havaslarimga erishdim.

— Kashtadoʻzlikda qaynonangizdan ham oʻzib keta oldingizmi? — oʻsmoqchilab soʻraymiz momodan.

— Qaynonamga yetarga yoʻl boʻlsin, — deya kulimsiraydi Qurbonoy momo. — Hamma ishni eplardi. Hatto parvarda ham pishirardi. Yesangiz taʼmi ogʻzingizda qolardi. Tasavvuri juda keng ayol edi. Ninani qoʻlga tutsa, matoga naqshni chizmay turiboq tikishga kirishardi. Ipak matoda bejirim, koʻrsa havas qilgulik naqshlar, manzaralar paydo boʻlayotganini koʻrib, hayratlanardik. Buxoro amiri buyurtmasiga koʻra soʻzanalar tikib berganidan yaxshi xabardorman. 106 yoshga kirib vafot etgandi.

Qurbonoy Atoyeva kashtadoʻzlik sir-asrorini qizi Madinaga oʻrgatdi. Buvisi va onasining atrofida girdikapalak yurgan nevaralar ham maktabdagi saboqdan soʻng qoʻllariga nina tutib, matoga naqshlar tushirishni odat qilishdi. Ularning biri Vazira Atoyeva hozir Buxoroning old kashtadoʻzlaridan.

— Kashtadoʻzlik kishidan sabr, qunt, ijodiy yondashuvni talab qiladi, — deydi Vazira. — Bitta soʻzanaga bir yil vaqt sarflagan paytim boʻlgan. Lekin qoʻl mehnati boʻlgani bois bu soʻzananing qadru qimmati ham shunga yarasha. Hozir 80 nafar atrofida shogirdim bor. Koʻpchiligi Shofirkon, Vobkent tumanidan. Sirasini aytganda, kashtadoʻzlik ayollarbop hunar sanaladi. Uyda turib daromad topish mumkin. Roʻzgʻor yumushlariga ham bemalol ulgurasiz.

Ayni damda Buxoro turizm va madaniy meros texnikumida tahsil olayotgan Vaziraning 70-80 nafar shogirdi borligi tahsinga sazovor, albatta. Bilsak, bu hali hammasi emas ekan.

— Chet ellardagi shogirdlarim soni oʻndan ziyod, — deydi ingliz, fransuz, yapon, nemis, rus, tojik tillarida bemalol soʻzlashadigan Vazira. — Masalan, yaponiyalik Umi Sato, Mariko Otsuka atayin ustaxonamga kelib, kashtachilik sir-asrorlarini oʻrganib ketishdi. Biz tikkan soʻzanalarni dunyoning koʻplab davlatlari muzey va shaxsiy koʻrgazmalarda uchratish mumkin.

Vazira bilan suhbatimiz nihoyasiga yetayozgan pallada muzeyni eslatuvchi ustaxonaga xorijiy sayyohlardan biri kirib keldi. Oʻzini «Hayit bin Mussa» deya tanishtirgan tunislik mehmon gullar naqshi tushirilgan buyumlardan birini xarid qildi. Taassurotlari haqida soʻraganimizda esa “Buxoroning, buxorolik hunarmandlarning mahorati taʼrifiga til ojiz”, deya javob berdi.

Nazarimizda, bu soʻzlardan ortiq taʼrifga hojat yoʻq!

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер