Guliston shahrida yangi yoʻl oʻtkazgich foydalanishga topshirildi

14:26 29 Avgust 2022 Jamiyat
680 0

Foto: Xalq so‘zi

M-34 “Toshkent-Dushanbe” avtomobil yoʻlining 121- kilometridagi temir va avtomobil yoʻllari ustidan oʻtgan yoʻl oʻtkazgich qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.

Eskisi 1983-yilda qurilgan va oxirgi vaqtlarda unda koʻpgina yoriqlar yuzaga kelib, foydalanish uchun xavfli boʻlib qolgan edi. Gulistonni shahriga janubiy tomondan kirish-chiqishni taʼminlaydigan ushbu yangi inshoot qurilishi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga qarashli «Koʻprikqurilish» tresti unitar korxonasi tomonidan amalga oshirildi.

Ushbu kommunikatsiya inshooti ancha mahobatli, xususan, uzunligi 750 metr, eni esa 22 metr. Undagi ikki tasmali avtomobil yoʻlida bir kunda 50 mingdan ortiq transport vositasi harakatlanishi mumkin. Shu bilan birga piyodalar uchun ham yoʻlaklar mavjud.

Koʻprikning ochilish tantanasida Sirdaryo viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev, quruvchilar, nuroniylar, yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

— Avval Guliston shahri markaziga yoʻl olgan avtomobillar asosan bitta koʻprikdan yurishiga toʻgʻri kelar, natijada kunning tigʻiz vaqtlari tirbandliklar kuzatilar edi. Yangi koʻprikning foydalanishga topshirilishi aholimizga katta qulaylik yaratadi. Masofa, vaqt, yoqilgʻi sarfi ham qisqaradi, — dedi viloyat hokimi.

Tadbir soʻngida koʻprik qurilishida jonbozlik koʻrsatgan bir guruh quruvchilarga ehtirom koʻrsatilib, sovgʻa-salomlar topshirildi.

Ahmadali SHERNAZAROV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер